Ikki oydan ortiq vaqt davomida 3 ta joyda ishlab, biroz pul yig'ganimdan so'ng, sayohat qilish haqida ham o'ylay boshladim. Mening eng katta orzuim AQSh poytaxti Vashingtonni ko'rish edi. Ish bilan band bo'lib, iyul oyida cherkov tashkil etgan «Church trip»dan ham qolib ketdim. 20-avgust kuni Pensilvaniya shtatidagi Lankaster degan joyda hamma «Amish people» deb ataydigan nemis anabaptistlarining qishlog'i Dutch Country-ga bordik. Meni eng ko'p hayratga solgan narsa shu bo'ldi. Agar o'sha paytgacha kimdir menga «21-asrda, sivilizatsiyaning qoq markazida bir guruh odamlar sivilizatsiyaning barcha yutuqlaridan ongli ravishda voz kechib, o'rta asr turmush tarzi bilan yashamoqda» desa, hech qachon ishonmagan bo'lardim... Ammo bunday mo'jiza borligiga 2014-yil 20-avgust kuni amin bo'ldim. Yevropadagi Reformatsiya va undan keyingi davrlarda xristian cherkovlarining hokimiyati avj olgan paytda diniy erkinlik izlab o'z yurtlarini tashlab ketgan odamlarning birinchi to'lqini 1715-yilda shu yerga kelgan ekan. Umuman olganda, Amerikaning o'zini erkinlik izlagan odamlar qurgan. Mamlakatdagi cherkovning qattiq hokimiyatiga chiday olmagan bir guruh odamlar 1620-yil bahorida «Mayflower» nomli kemaga o'tirib, Atlantika okeani orqali g'arbga qarab yo'l olishdi. Hozirgi odamlar «Pilgrim fathers» deb faxr bilan eslaydigan bir guruh odamlar bugungi Amerikaning asosini qurdilar. Bu yerda barcha odamlar uchun yashash imkoniyati bor, lekin men uchun tug'ilgan yurtim qadrli... Pilgrim otalaridan keyin Yevropaning boshqa mamlakatlaridan ham erkinlik izlagan turli guruhlar kela boshladi. Bu yerga birinchi qadam qo'ygan gollandlar 1624-yilda indeyslardan kichkinagina orolni hozirgi pul bilan hisoblaganda 24 dollarga sotib olishgan ekan. Uni ham ular pul bilan bermagan. Munchoq, idish kabi mayda-chuyda narsalarga almashtirishgan. Va o'sha yerda bugun dunyoning poytaxti deyishga arziydigan shahar qad rostladi. Bu Nyu-Yorkning yuragi Manxetten oroli edi. Anabaptistlarga kelsak, ularning ahvoli ham bir alohida mavzu. Ularning birinchi kelgan avlodidan nasl qolmagan. Chunki ularning barchasi asket bo'lgan. Keyinchalik ular o'z jamoa a'zolariga uylanishga ruxsat berishgan. Shundan keyingina ular ko'paya boshlashgan. Ular shu kungacha o'rta asr kiyim uslublarini kiyishadi va boshqa odamlar bilan aloqa qilishdan qochishadi. Bizning sayohat guruhi rahbari, Presviterian cherkovi yordamchi pastori, kelib chiqishi norvegiyalik Garrez Tonnensen bilan ularning qishloqlarini tomosha qilib yurganimizda, tasodifan o'tib ketayotgan ikki «Amish» qizni ko'rdik. Men fotoapparatimni olib rasmga tushirib, gaplashsin deb harakat qilib, ularga qarab: «Excuse me, girls?» deb baqirgan edim, ular meni eshitish imkoniyati bo'lsa ham, quloq solmay ketaverishdi. Pastor Garrez «Ular hech kim bilan gaplashmaydi» dedi. Sivilizatsiyalashgan muhitda bir-biri bilan musobaqalashib o'ynab yurgan 14-15 yoshlardagi ikki qiz tuman ichida adashib yurgan ikki arvohni tasavvur qildirdi ko'z o'ngimda. Ha, rostdan ham odamni hayratga soladigan holat. Hozir aytsam ishonmasangiz kerak, ular biz foydalanadigan barcha yutuqlardan voz kechishgan. Soat, nikoh uzugi, galstuk, yangi uslubdagi kiyimlar degan narsalarning barchasidan butunlay voz kechishgan. Mashina minmaydi, elektro-texnikalarning birortasini, hatto elektr chirog'ini ham ishlatmaydi. Hammasini qo'lda qilishadi. Suvni ham quduqdan tortib ichishadi. Amerikada ulardan boy odamlar yo'q ekan. Boy bo'lmaganda nima qilsin, har biri mehnatkash va ortiqcha xarajati yo'q bo'lsa. Ular to'y qilganda barcha jamoa a'zolarini chaqirib, dasturxon yozishar ekan. Bu jihatdan biroz qozoqlarga o'xshab ketadi. Lekin baribir mening ongim ularning turmush tarzini qabul qila olmadi. Odamlarning aytishicha, ularning o'z maktablari bor, u maktablarda faqat oddiy arifmetika asoslari, ingliz tili, nemis tili va qadimiy nemis tilini o'qishadi. Amerikada yashayotgan bo'lsa ham, o'zlarining nemis tillarida gaplashishadi. Ularning kuni ertalab cherkovlarida qadimiy nemis t
+9


