Amerikada bo'lganingizda, albatta, u yerda qilishingiz kerak bo'lgan ishlar ro'yxati bo'ladi. Masalan, agar siz DC hududida bo'lsangiz, qisqichbaqa yoki lobsterlarni tatib ko'ring. Ularda mashhur "Old Bay" ziravori bor, uning o'ziga xos ta'mi bor, lekin fri bilan juda ajoyib uyg'unlashadi. "Buffalo Wings", "Ranch" sousi va salat, pomidor va qovurilgan piyozli Cheese Steak tatib ko'rish shart. "Dunkin Donuts"dan ponchiklar yeb to'ying. Har biringiz "McDonald’s"dan McChicken buyurtma qilishingiz kerak, chunki u atigi 1 dollar turadi. "Ginger" limonadi va "Dr. Pepper" ta'mini bilib oling. Pitsaga qizil qalampir va Parmesan cheese seping, deyarli har kuni Turkey Sandwich yeng va American hamda Provolone cheese o'rtasidagi farqni tushunib yeting. Amerikadagi kutganlarim oqlandi, hatto oshib ketdi. Balki u hamma uchun ham emasdir, lekin menga juda yoqdi. "Amerika senga yarashadi", deyishardi ko'pchilik va ular haq edilar. Men Amerika madaniyatini va odamlarning o'zini juda yaxshi ko'raman. Ular erkin va sodda. Hech kim sizni muhokama qilmaydi, har kim o'z hayoti bilan yashaydi. Odamlar juda mehribon, siz, mamlakatingiz va madaniyatingiz haqida bilishni xohlashadi. Shuningdek, amerikalik o'smirlar unchalik muloqotchan emasligini payqadim. Kattalar esa aksincha. Agar ellik yoshdan oshgan odamlar bilan do'stlashsangiz, ular sizga o'z farzandidek g'amxo'rlik qilishadi. Xayriyatki, butun yoz davomida hech qanday salbiy his-tuyg'ularni boshdan kechirmadim, shuning uchun kayfiyatim doim a'lo edi. Fikrimcha, Work and Travel USA dasturi Amerikaga borish va ularning madaniyatini o'rganish uchun juda ajoyib imkoniyat. Bu J-1 Visa olish va u yerda uch oydan ortiq qolishning eng oson yo'llaridan biri. Agar bu sizning orzuyingiz bo'lsa, unga erishish uchun bor kuchingizni sarflashingiz kerak. Axir bu hayotda bir marta keladigan imkoniyat. Harakat qiling, qo'rqmang! O'xshamasa, yana urinib ko'ring. Bunday yozdan keyin unutilmas xotiralar, dunyoning turli burchaklaridan do'stlar va albatta, bebaho tajriba qoladi.


+3

